17-mart kuni Oliy Majlis Senatining yigirma to'rtinchi yalpi majlisida “Kiberxavfsizlik to’g’risida”gi qonun qabul qilindi.
Mazkur qonun, 8 bob va 40 moddadan iborat bo'lib, unda Qonunning maqsad va vazifalari, asosiy tushunchalari, prinsiplari, yo'nalishlari, kiberjinoyatlarning oldini olish va unga qarshi kurashish usullari, unga mas'ul davlat organi tayinlanishi va uning vakolatlari, kiberxavfsizlik hodisalari yuzasidan chora-tadbirlarni ko'rish, shuningdek, xalqaro hamkorlik masalalari ko'rib chiqildi.
Davlat xavfsizlik xizmati kiberxavfsizlik sohasidagi vakolatli davlat organi sifatida belgilanib, uning huquq va majburiyatlari hujjatda mustahkamlandi.
Ushbu qonun respublikada kiberxavfsizlik sohasining munosabatlarini tartibga soladi. Kiberhududda shaxs, jamiyat va davlat manfaatlarini tashqi va ichki tahdidlardan himoya qilish uning asosiy vazifasidir.
Qonunda kiberjinoyat, kibertahdid, kiberxavfsizlik, kibermudofaa va kiberhujum tushunchalari ko’rsatilgan, kiberxavfsizlikni ta’minlashning asosiy tamoyillari va bu boradagi davlat siyosatining asosiy yo’nalishlari belgilab berilgan.
Kiberxavfsizlik subyektlarining huquq va majburiyatlari belgilanadi, ularning kiberxavfsizlik talablariga muvofiqligi yoki kiberxavfsizlik subyektlarining tashabbusi bilan majburiy ekspertizadan o’tkazilishi belgilanadi.
Kiberjinoyat hodisalarini tekshirish, ularning oldini olish va hodisalar to’g’risidagi ma’lumotlarni oshkor qilishga qaratilgan chora-tadbirlar ko’rsatilgan.